Intellektual mulk huquqi sohasidagi islohotlar

Bugun mamlakatimizda barcha huquq sohalari kabi intellektual mulk huquqi sohasi ham izchil rivojlanib bormoqda. Intellektual mulk huquqi o’z mohiyatiga ko’ra – inson ijodiy faoliyati mahsullarini yaratish, ulardan foydalanish, farqlash belgilarining muomalada bo’lishi bilan bog’liq munosabatlarni, shuningdek, intellektual mulk ob’ektlariga nisbatan huquqlarni muhofaza qilishni tartibga soluvchi normalar yig’indisi majmui hisoblanadi.

Sir emaski, bugungi kunda intellektual mulkka oid qonunchilik izchil isloh qilinmoqda. Xususan, intellektual mulkni ishonchli himoya qilish, intellektual mulk sohasida davlat boshqaruvini takomillashtirish, intellektual mulk sohasini rivojlantirish, muallif va huquq egalarining qonuniy manfaatlarini etarli darajada himoya qilishga katta e’tibor berilmoqda.

Shuningdek, intellektual mulk sohasidagi nizolarni sudga qadar hal qilish tartiblari keng joriy qilingan bo’lib, qonuniy himoyalangan.

Intellektual mulk huquqi O’zbekistan Respublikasining Konstitutsiyasida o’zining asoslariga ega bo’lib, Konstitutsiyaning 42-moddasida har kimga ilmiy va texnikaviy ijod erkinligi, madaniyat yutuqlaridan foydalanish huquqi kafolatlanishi hamda davlat jamiyatning madaniy, ilmiy va texnikaviy rivojlanishiga g’amxo’rlik qilishi belgilab berilgan. Umuman olganda “intellektual mulk” huquqi – ilmiy-texnik taraqqiyot yutuqlari, inson ijodiy faoliyati va uning maqsadlaridan foydalanishni, mutlaq huquqlarni muxofaza qilish hamda g’oyat keng qamrovli ijtimoiy munosabatlarni tartibga soladi. Garchi ular mavjud qonunlarda nazarda tutilmagan bo’lsa ham, ularga nisbatan O’zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksida belgilangan qoidalar mazmunidan kelib chiqib, intellektual mulk haqidagi qoidalar qo’llaniladi. O’zbekiston Respublikasi Fuqarolik Kodeksining IV bo’limi intellektual mulkka bag’ishlangan.

Bundan tashqari intellektual mulkning alohida ob’ektlari bo’yicha tegishli qonunlar va qarorlar mavjud.

Jumladan, O’zbekiston Respublikasida fan, adabiyot va san’at asarlarini (mualliflik huquqi), ijrolar, fonogrammalar, efir yoki kabel orqali ko’rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotlarning ko’rsatuvlari yoki eshittirishlarini (turdosh huquqlar) yaratish hamda ulardan foydalanish bilan bog’liq holda yuzaga keladigan munosabatlarni tartibga solish maqsadida O’zbekiston Respublikasining 2006-yil 21-iyulda “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to’g’risida”gi Qonuni qabul qilingan.

Mazkur qonunning 65-moddasiga muvofiq muallif, turdosh huquqlar egasi yoki mutlaq huquqlarning boshqa egasi huquqbuzardan quyidagilarni talab qilishga haqli: huquqlarni tan olishini, huquq buzilishidan oldingi holatni tiklashini va huquqni buzadigan yoki uning buzilishi xavfini yuzaga keltiradigan harakatlarni to’xtatishini, huquq egasining huquqi buzilmagan taqdirda, u fuqarolik muomalasining odatdagi sharoitlarida olishi mumkin bo’lgan, lekin ololmay qolgan daromadi miqdoridagi zararlarning o’rnini qoplashini. Agar huquqbuzar mualliflik huquqi yoki turdosh huquqlarni buzish oqibatida daromadlar olgan bo’lsa, huquq egalari boshqa zararlar bilan bir qatorda boy berilgan foydani bunday daromadlardan kam bo’lmagan miqdorda qoplashini, zararlar etkazilishi faktidan qat’i nazar, huquqbuzarlikning xususiyati va huquqbuzarning aybi darajasidan kelib chiqib ish muomalasi odatlarini hisobga olgan holda zarar qoplanishi o’rniga bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan ming baravarigacha miqdorda to’lanishi lozim bo’lgan tovonni to’lashini, ushbu Qonunda belgilangan huquqlarini himoya qilish bilan bog’liq bo’lgan, qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa choralar ko’rishini. Muallif va ijrochi o’z huquqlari buzilgan taqdirda, huquqbuzardan ma’naviy ziyon qoplanishini talab qilishga haqlidir. Mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilot mulkiy huquqlarini boshqarish shunday tashkilot tomonidan amalga oshirilayotgan shaxslarning buzilgan mualliflik huquqlari va turdosh huquqlarini himoya qilib qonunda belgilangan tartibda o’z nomidan ariza bilan sudga murojaat etishga haqli ekanligi belgilab berilgan.

Shuningdek, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 26 aprelda  “Intellektual mulk sohasini yanada rivojlantirishga oid qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida”gi Qarori ayni sohani yanada rivojlantirishga qaratilgan desak, mubolag’a bo’lmaydi.

Ushbu qaror bilan mamlakatda iqtisodiyot tarmoqlariga intellektual faoliyat natijalari va innovatsiyalarni joriy etish mexanizmlarini takomillashtirish, mintaqaviy brendlarni yaratish, kontrafakt mahsulotlar realizatsiyasining oldini olish, intellektual mulkning ishonchli huquqiy himoyasini ta’minlash, shu bilan birga, intellektual mulk ob’ektlarini huquqiy himoya qilish, sohada sodir etilayotgan huquqbuzarliklarga o’z vaqtida chora ko’rish, mualliflarning va boshqa ijodkorlarning moddiy manfaatdorligini oshirish, xorijiy kompaniyalarning intellektual mulkka bo’lgan huquqlarini himoya qilish intellektual mulk sohasida davlat boshqaruvini yanada takomillashtirish, mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish hamda kontrafakt mahsulotlarga samarali qarshi kurashish, nazarda tutilgan.

Xulosa o’rnida shuni aytish joizki, intellektual mulk sohasini mazkur qonun va qarorlar bilan mustahkamlanishi jamiyatda intellektual mulk muhofazasini ta’minlash, uning huquqiy asoslarini yanada yaxshilash, vatanimiz taraqqiyoti  va xalqimiz farovonligini oshirishga xizmat qiladi.

 

 Ruslan Djo’rayev,  

Yurisprudensiya sirtqi ta’lim fakulteti  3-kurs talabasi

Foydali havolalar