
Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti bosh binosining kirish qismida va talabalar gavjum o‘rinlarda rasmlar ko‘rgazmasi tashkil etildi. Ko‘rgazma uchun taniqli rassomlar va havaskor talabalarning iste‘dodini namoyon qiluvchi san‘at asarlari tanlab olingan. Suratlarda yurtimizning turli fasllardagi manzaralari, go‘zal tabiat tasvirlari, mehnatsevar xalqimiz siymosini ko‘rishimiz mumkin.
San‘at insonning didini yuksaltiradi, estetik zavq bag‘ishlaydi va ijod qilishga undaydi. Rassomlik ham ana shunday san‘at turlaridan biridir. Musiqada ohang, badiiy adabiyotda so‘z, musavvirlikda esa ranglar bilan muallif o‘z dunyosini chizadi. Vaqti-vaqti bilan rang-barang suratlardan bahramand bo‘lish insonga ruhiy hordiq beradi. Universitetimizda tashkil etilgan ushbu ko‘rgazma ham talabalarimizga manzur kelgani shubhasiz.
Ko‘rgazma O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi hamda O‘zbekiston badiiy ijodkorlar uyushmasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi hamkorligida tashkil etildi.
G.Ametova, Qoraqalpoq filologiyasi va jurnalistika
fakulteti 4-bosqich talabasi
