
O‘zbek filologiyasi fakultetida Buyuk turkolog, qomusiy olim Mahmud Koshg‘ariyning “Devonu lug‘otit turk” asariga 950 yil to‘lishi munosabati bilan anjuman o‘tkazildi. Tadbirni O‘zbek filologiyasi fakulteti dekani M.Kurbaniyazov boshqarib bordi. “Mahmud Koshg‘ariyning O‘zbek folklorshunosligida tutgan o‘rni” – O‘zbek tili va adabiyoti kafedrasi dotsenti f.f.f.d. Z.Kabulova, “Mahmud Koshg‘ariy asarlari tarixiy manba sifatida” – Аrxeologiya kafedrasi dotsenti t.f.n. G.Turiyeva, “Mahmud Koshg‘ariy va uning “Devonu lug‘otit-turk” asarining yozilish tarixi haqida” – O‘zbek tilshunosligi kafedrasi dotsenti f.f.f.d. M.Allambergenovalar ma’ruzalari bilan qatnashdilar.
Mahmud Qoshg‘ariy o‘zining uzoq yillar davomida yaratgan “Devonu lug‘otit turk” kitobini 1073-yilda tugallagan. Asarning asosiy matni o‘sha davrda keng mintaqa musulmon Sharqida, butun Yaqin va O‘rta Sharqda din, fan tiliga aylangan arab tilida yozilgan bo‘lib, turkiy tilning boyligini, mazmundor va rang-barangligini tushuntirish uchun yozilgan.
Muallif ko‘rsatishicha, kitob bo‘limdan, muqaddima va xulosadan iborat. Har bir bo‘limda ot-ism so‘zlar, fe’llar qulaylik uchun alohida ajratib berilgan. Asarda 7500 dan oshiq turkiy so‘z va iboralar izohlangan. “Devonu lug‘otit turk” ham adabiy til, ham asosiy turkiy shevalarni qamrab olgan bo‘lib, undagi adabiy til, sheva unsurlari nisbati o‘rtacha adabiy tildagi 10–12 so‘zga, shevaga oid bir so‘zga to‘g‘ri keladi, ya’ni umumturkiy adabiy tilga alohida ahamiyat qaratilgan. Bu holat o‘sha davr islom mintaqasida turkiy adabiy til qancha keng tarqalgani va mustahkam mavqega ega bo‘lganini tasdiqlovchi qat’iy dalildir. Turkiy xalqlar tarixiga oid qadimiy afsona va rivoyatlar, 300 ga yaqin maqol va matallar, hikmatli so‘zlar, 700 satrdan oshiq she’riy parchalar ushbu asar sahifalaridan o‘rin olgan. She’riy parchalarning ko‘p qismi turkiy xalqlar og‘zaki ijodiga xos to‘rtliklardan iborat. Ammo “Devon”da keltirilgan she’riy satrlardan 150 satrga yaqini islom davri she’riyatiga xos bo‘lgan “bayt” tipidagi masnaviy, qasida, g‘azal, qit’a parchalari bo‘lib, ularni Qoshg‘ariy o‘zi ham ko‘pincha “bayt” deb ataydi.
Kitobda 7 ta epik doston, ishqiy qo‘shiqlar, pandnomalar, koinot yaratilishiga oid asotir, she’rlar, tabiat manzaralari tasviri, madhiyalar, falsafiy mushohadalar uchraydi. Koshg‘ariy devonida jamlangan aniq-ravshan ma’lumotlar VIII–XI asrlar ham turkiy adabiy til va badiiy adabiyotning, ham og‘zaki xalq ijodi va turli lahjalarning boy manbai sanaladi. “Devonu lug‘otit turk”ni o‘sha davrlarda Markaziy Osiyo mintaqasida yashagan turkiy xalqlar hayoti haqidagi qomusiy asar deb atash mumkin.