
Joriy yilning 25-26-sentabr kunlari Sankt-Peterburg shahrida O‘zbekiston-Rossiya mintaqalararo rektorlar konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Sankt-Peterburg davlat universiteti Menejment oliy maktabida o‘tkazilgan “O‘zbekiston-Rossiya mintaqalararo rektorlar konferensiyasi”da Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti rektori, texnika fanlari doktori, professor A.Reymov ham ishtirok etdi.
Mazkur anjumanda universitetimiz rektori, professor A.Reymov mamlakatimizda ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, universitetimiz professor-o‘qituvchilari, yosh olimlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar va universitetning moddiy-texnik bazasi haqida ma’lumot berib o‘tdi.
Shundan so‘ng konferensiya ishtirokchilariga Orolbo‘yidagi qurg‘oqchilikning oldini olish uchun rossiyalik olimlar bilan qo‘shma ilmiy tadqiqotlarni kengaytirish, shuningdek, qishloq xo‘jaligi sohasida suvni tejovchi texnologiyalarni hamkorlikda joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlarni kuchaytirish, yosh olimlarni Rossiya Federatsiyasining nufuzli oliy ta‘lim muassasalariga maqsadli aspirantura va doktoranturaga yuborishni yo‘lga qo‘yish, zamonaviy talablarga javob beradigan ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash maqsadida Rossiya OTMlari, ilmiy-tadqiqot muassasalarining tajribali mutaxassislari va olimlari bilan universitet o‘rtasidagi qo‘shma ilmiy ixtisoslashtirilgan kengashlarni tashkil qilish, shu bilan birga, rus tili va adabiyoti kafedrasi o‘qituvchilari uchun Rossiya Federatsiyasi oliygohlarida tajriba kurslarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha o‘z takliflarini bildirdi va bu yo‘nalishda birga hamkorlik qilishga tayyor ekanini ta‘kidladi.
QDU Matbuot xizmati




