
Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida 11-oktyabr – Xalqaro qizlar kuni munosabati bilan «Qizlar – millat kelajagi» shiori ostida «Sening tashabbusing – sening kelajaging uchun» mavzusida forum o‘tkazildi. Forumni universitetning yoshlar masalalari, ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektor S.Alawatdinov ochib berdi va forum ishtirokchilarini «Xalqaro qizlar kuni» munosabati bilan tabrikladi.
Bundan so‘ng, universitet rektorining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi I.Seytnazarova so‘zga chiqib, xotin-qizlar kengashi faoliyati, shuningdek, faol qizlarimizning yutuqlari haqida so‘z yuritib barchani bayram bilan tabrikladi. Forumda universitetda ta’lim olayotgan ziyrak, iqtidorli va iste’dodli qizlarning qo‘l mehnati yordamida yasagan buyumlari ko‘rgazmasi tashkil etilib, tadbir ishtirokchilari bu yoshlarning ijod namunalaridan tayyorlangan ko‘rgazma bilan tanishdi.
Tadbir davomida oliygohimizdagi har bir faol qizlarimizning yutuqlari haqida so‘z yuritilib, ularning ota-onalariga oliygoh rektorati tomonidan tashakkurnoma topshirildi. O‘z navbatida ota-onalar ham o‘z quvonchini baham ko‘rib, qalblaridan chiqqan ezgu tilaklarini bildirdi. Bu forumni o‘tkazishdan asosiy maqsad qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning kiyinish va nutq madaniyatini oshirish, yoshlarimiz ongini yot g‘oyalardan va illatlardan asrash, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish va ularni turmushga tayyorlash hisoblanadi. Forum universitet tomonidan tayyorlangan konsert dasturi bilan davom etdi.





