“O‘zbek tili – milliy o‘zligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli!”

Til inson uchun berilgan buyuk ne’mat, u milliy madaniyatning muhim tarkibiy qismidir. U nafaqat aloqa quroli, balki inson shaxsini fazl-u kamolga yetkazuvchi, uning xulqi-odobi, insoniy xislat va fazilatlari uyg‘unligini ta’minlovchi ibrat va tarbiya manbai hamdir. Demak, til bayrami-millat bayrami. Mana bugun O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganiga ham 34 yil to‘lmoqda.

Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti O‘zbek filologiyasi fakulteti “O‘zbek tilshunosligi” va “O‘zbek tili va adabiyoti” kafedrasi tomonidan 21-oktabr – O‘zbek tili bayrami munosabati bilan “O‘zbek tili – milliy o‘zligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli!” mavzusida ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi. Anjumanni dastlab universitet Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori S.Alauatdinov ochib berdi va barcha ishtirokchilarni O‘zbek tili bayrami bilan qizg‘in qutladi.

So‘ngra anjuman mehmoni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi P.Dabilov  ona tilini sevish vatanparvarlik belgisi, ajdodlar ruhiga hurmat ramzi ekanligi haqida o‘z fikrlarini bildirdi. Shuningdek, universitet professor-o‘qituvchilaridan Qoraqalpoq tilshunosligi kafedrasi professori f.f.d. M.Qudaybergenov “Til-jamiyat oynasi” mavzusida ona tilimizning beqiyosligi, rang-barangligi, kelgusi avlodga teran yetkazishimiz muqaddas burchimiz ekanligi borasida o‘z fikrlarini bildirdilar.

Bundan tashqari O‘zbek tilshunosligi kafedrasi dotsenti, f.f.f.d (PhD) M.Bobojonov “Til millat g‘ururi” mavzusida, Turkman tili va adabiyoti kafedrasi o‘qituvchisi A.Kurtchayev “Til-millat madaniyati ifodasi” mavzularida o‘z bayonatlarini o‘qidilar.  Bayonat oxirida O‘zbek filologiyasi fakulteti dekani M.Kurbaniyazov barcha anjuman ishtirokchilariga o‘z minnatdorchiligini bildirdi.

Darhaqiqat, jamiyat hayoti, inson kechinmalari naqadar rang-barang bo‘lsa, til ham shu qadar serjilodir. Til qanchalik serqirra bo‘lsa, boyisa, millat ma’naviyati ham shu qadar yuksaladi. Anjuman talabalar ishtirokidagi badiiy qism bilan yakunlandi.

 

Foydali havolalar