Oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida matematika fanidan Muhammad al-Xorazmiy nomidagi II Xalqaro olimpiada yakunlandi

Mamlakatimizda Yangi O‘zbekiston va Uchinchi Renessansni barpo etish jarayonlarida ilm-fan va oliy ta’lim tizimidagi tub islohotlar va innovatsion jarayonlar muhim ahamiyat kasb etadi. Keyingi yillarda bu borada strategik va tizimli chora-tadbirlar izchil amalga oshirib kelinmoqda. O‘zining noyob iste’dodi, iqtidori, olamshumul kashfiyotlari va nodir asarlari bilan umumjahon tamadduni rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan ulug‘ mutafakkirlarimizning ilmiy merosi va ibratli hayot yo‘li – yoshlarni ilm-fanga va yangi kashfiyotlarga yo‘naltiruvchi ma’rifiy mayoq hisoblanib, ularning xotirasiga munosib hurmat-ehtirom ko‘rsatish esa yuksak ma’naviy burchimizdir.

Vatanimiz tarixidagi birinchi Renessansning nodir dahosi, buyuk ajdodimiz Muhammad al-Xorazmiyning matematik kashfiyotlari va asarlari ilmiy merosi butun dunyoda e’tirof e’tilgan va bugungi kunda ham o‘z qimmatini yo‘qotgan emas. Keyingi yillarda yurtimizda matematika fani rivojining yangi davri boshlandi, jumladan, mazkur fanni ta’limning barcha bosqichlarida yangi yondashuv va ko‘lamlarda o‘qitish hamda matematik tadqiqotlarni olib boorish uchun butunlay yangi imkoniyatlar yaratib berilmoqda.

Yoshlarning matematikaga bo‘lgan qiziqishlarini yanada oshirish, yurtimizdagi matematika ilmiy maktablarining munosib vorislarini tarbiyalash, bu borada iqtidorli yoshlarni aniqlash, ularni har tomonlama qo‘llab quvvatlash, ma’naviy va moddiy rag‘batlantirish hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 7 maydagi PQ-4708-son qarori bilan tasdiqlangan “2020 – 2023 yillarda O‘zbekiston Respublikasida matematika fanlari bo‘yicha ta’lim sifatini yaxshilash, ilmiy-tadqiqotlarning natijadorligi va amaliy ahamiyatini oshirishning Maqsadli dasturi”da belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta’minlash, jumladan, Matematika yo‘nalishlarida mutaxassislar tayyorlash va o‘qitish sifatini oshirish, shuningdek, chet eldagi oliy ta’lim muassasalari hamda ilmiy tashkilotlar bilan aloqalarni rivojlantirish bo‘yicha belgilangan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahrida 2023 yil 23-29 oktabr kunlari Matematika fani bo‘yicha Muhammad al-Xorazmiy nomidagi xalqaro olimpiadasi yuqori saviyada tashkillashtirildi.

Bu xalqaro olimpiadada 40 dan ortiq xorijiy va mahalliy oliy ta’lim muassasalarida ta’lim olayotgan 200 nafardan ortiq talabalar ishtirok etdi. Qizg‘in kechgan bilimlar sinovida tajribali xorijiy va mahalliy hakamlar hayatining natijalari asosida aql musobaqasining g‘oliblari aniqlandi. Natijalarga ko‘ra fan olimpiadasida umum jamoa hisobida I-o‘rinni Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti va Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti, II-o‘rinni Turkmaniston Respublikasining Xalqaro gumanitar fanlar va rivojlanish universiteti,  III-o‘rinni Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti iqtidorli talabalari qo‘lga kiritdi.

Nukus shahridagi Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatrida olimpiada g‘oliblarini mukofotlash va tantanali yopilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi Amanbay Orinbayev so‘zga chiqib, yurtimizda matematika fanining rivojida, ta’limning barcha bosqichlarida yangicha o‘qitish hamda matematik tadqiqotlarni olib borish uchun keng imkoniyatlar yaratilganligini aytib o‘tdi.

Shuningdek, ushbu olimpiada tashkilotchilaridan biri, O‘zbekiston Qahramoni, akademik, V.I. Romanovskiy nomidagi Matematika instituti direktori Shavkat Abdullaevich Ayupov so‘zga chiqib, hozirgi kunda hukumatimiz tomonidan ilm-fanga qaratilayotgan katta e’tibor haqida to‘xtalib, jumladan, ushbu xalqaro olimpiadaning ahamiyati va mohiyati haqida batafsil aytib o‘tdi. Oliy ta’limni rivojlantirish tadqiqotlari markazi direktori Shuxrat Yakubov o‘z so‘zida ushbu xalqaro olimpiadaning yuksak saviyada o‘tishida barcha tashkilotchilarga minnatdorchilik bildirdi va g‘olib bo‘lgan talabalarga kelajakdagi ishlarida muvaffaqiyat tiladi.

Tadbir yakunida xalqaro olimpiada g‘oliblariga diplom va medallarni tantanali ravishda marosimi bilan yakunlandi.

             

Foydali havolalar