
Bizning xalqimiz maʼnaviyati, qadriyatlari orasida boshqa xalqlarga ibrat boʻlgudek koʻpgina tajribalar bor. Ularning biri umumxalq xayriya hasharidir. Umumxalq xayriya hashari biz insonlarni oʻzaro ahillikka, birdamlikka va mehr-oqibatga undaydi. Har yili mamlakatimiz boʻylab turli xil shiorlar ostida koʻplab hasharlar tashkillashtiriladi. Mana bu yil ham Navroʻz ayyomi arafasida 16-17-18-mart kunlari umumxalq xayriya hashari oʻtkazildi.
Shu munosabat bilan Qoraqalpoq davlat universiteti Biologiya fakultetida ham fakultet jamaosi va faol talaba yoshlar ishtirokida erta tongdan obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlari boshlab yuborildi. Mazkur tadbir sabab oʻquv dargohi hududlarini chiqindilardan tozalash, yerlarni yumshatish, koʻchatlar ekish, daraxtlar va yoʻlkalarni oqlash kabi bir qancha ishlar bajarildi.
Bunday xayriya tadbirlari barchamizni atrof muhit tozaligini saqlashdek yagona maqsad yoʻlida birlashtiribgina qoʻymay, kelajagimiz boʻlgan yoshlarda mehnatsevarlik, ona tabiatimizga boʻlgan muhabbat tuygʻusini shakllantirishda, obod va farovon yashashimizda juda ahamiyatlidir.
