
Soʻnggi yillarda mamlakatimizda fan va ta’lim sohalarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu Prezidentimizning 2017 yil 20 apreldagi «Oliy taʼlim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida» gi PQ-2909-son qarori; 2018 yil 5 iyundagi «Oliy ta’lim muassasalarida ta’lim sifatini oshirish va ularning mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarda faol ishtirokini ta’minlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida» gi PQ-3775-son qarorlarida oʻz ifodasini topgan. Mazkur qarorlarning ijrosini ta’minlash maqsadida Qoraqalpoq davlat universitetida xorijiy davlatlar bilan hamkorlikda ishlash Memorandumi asosida oʻquv-uslubiy, ilmiy-tadqiqot va tajriba almashish ishlari amalga oshirilmoqda.
Jumladan, 2024 yil 13 maydan boshlab Qoraqalpoq davlat universitetining Biologiya fakultetida Turkiyaning Ege universiteti dotsenti LUC ORTAC ONMUS xizmat safari bilan boʻldi. Dastlab Turkiyalik mehmon Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish ta’lim yoʻnalishi 2 kurs talabalariga 18 soat koʻlamida Oʻquv-dala amaliyotiga rahbarlik qildi. Shu bilan birga, fakultetning zoolog, ekolog va ornitolog professor oʻqituvchilari, magistr va doktorantlari bilan birgalikda Janubiy Orolboʻyi qushlarining bioekologiyasi boʻyicha ilmiy-tadqiqot ishlarini olib bordi.
Joriy yilning 21 may kuni Biologiya fakultetida Turkiyaning Ege universiteti dotsenti LUC ORTAC ONMUS ishtirokida ilmiy seminar oʻtkazildi. Ilmiy seminarda Qoraqalpoq davlat universitetining Xalqaro hamkorlik boʻyicha prorektori Timur Nurimbetov, Biologiya fakultetining professor-oʻqituvchilari, doktorantlar, magistrlar, talaba yoshlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Seminar davomida ORTAC ONMUS Ege universitetining tarixi, tuzilishi, kafedralar tarkibi, universitetda tashkil etilgan tabiat muzeyi, uning eksponatlari, Biologiya kafedrasida olib borilayotgan ilmiy ishlar haqida ma’lumot berdi. shuningdek, kelajakda Qoraqalpoq davlat universiteti bilan hamkorlik qilish rejalari haqida soʻzlab berdi. Ilmiy seminar savol-javob shaklida davom etib ishtirokchilar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javoblar olishdi.
Ametov Yakub Idrisovich
Qoraqalpoq davlat universiteti
Biologiya fakulteti dekani,
biologiya fanlari doktori, professor



