Bugun Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida “Biz bir boʻlsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!” shiori ostida yangi o‘quv yilining boshlanishi munosabati bilan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbirda professor-o‘qituvchilar, ota-onalar va talaba-yoshlar ishtirok etdi. Tadbir dastlab O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Respublikalarining davlat madhiyalari bilan boshlandi.
Shundan so‘ng, universitet rektori A.Reymov so‘zga chiqib, barchani O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 33 yilligi hamda 2024/2025 o‘quv yilida Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetiga o‘qishga qabul qilinib, talaba bo‘lish baxtiga muyassar bo‘lgan talaba-yoshlar va ularning ota-onalarini samimiy tabrikladi.
Shu bilan birga, Muhtaram Prezidentimizning mamlakatimizda ta’lim sohasiga bo‘lgan alohida e’tibori va yoshlarimizga berilayotgan imkoniyatlar, universitetimizda talaba-yoshlar uchun yaratilgan qulayliklar haqida gapirib o‘tdi.
Tadbir davomida universitet Nuroniylar kengashi raisi B.Abdikamalov so‘zga chiqib, jamiyatimizda o‘qib bilim olish istagidagi yoshlarga keng imkoniyatlar yaratib berilganini aytib, bunday imkoniyatlardan oqilona foydalanib, kelgusida o‘qib, chuqur bilim olib, Vatanimiz ravnaqi, yo‘lida fidokorona xizmat qilishda muvaffaqiyatlar tiladi.
QDU matbuot xizmati




