
Bugun Qoraqalpoq davlat universitetida Toshkent davlat texnika universiteti bilan hamkorlikda Vazirlar Mahkamasining tegishli farmoyishiga muvofiq, “Elektr ta’minoti tizimining dolzarb muammolari” mavzusida IV Xalqaro ilmiy-texnikaviy anjuman bo‘lib o‘tdi. Dastlab Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti rektori A.Reymov barcha ishtirokchilarni qutlab, konferensiya ishiga muvaffaqiyatlar tiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Qoraqalpoq davlat universiteti hamda Toshkent davlat texnika universiteti hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Germaniya, Rossiya, Turkiya, Janubiy Koreya, Yaponiya, Slovakiya, Malayziya, BAA va bir qator MDH mamlakatlaridan nufuzli oliy ta’lim muassasalari va ilmiy markazlari professorlari, xodimlari, energetika kompaniyalari vakillari hamda mahalliy olimlar, yosh olimlar, doktorantlar, aspirantlar, magistrantlar va bakalavriat darajasida tahsil olayotgan hamda ilmiy izlanishda bo‘lgan talabalar ishtirok etdi.
Anjumandan ko‘zlangan asosiy maqsad – elektr ta’minoti tizimining dolzarb muammolari, xususan uning ishonchliligi va energosamaradorligini oshirish, optimal loyihalash, elektr energiya sifatini ta’minlash yo‘nalishida mahalliy va xalqaro ilmiy maktablar tomonidan olib borilayotgan ilmiy-tadqiqotlar bo‘yicha g‘oya va fikrlar almashish, shuningdek, elektr ta’minoti tizimini transformatsiyalash, intellektuallashtirish va raqamlashtirish kabi innovatsion ishlanmalarni joriy etishning imkoniyatlarini tahlil qilishdan iboratdir.
Aytish mumkinki, elektr ta’minoti muammosi bugungi kunda har qachongidan-da dolzarb va ahamiyatli bo‘lib hisoblanadi. Iqtisodiyot tarmoqlarining rivoji, aholi turmush farovonligining oshishi soha mutaxassislari oldiga elektr ta’minoti tizimi uzluksizligini va iste’molchilarni sifatli elektr quvvati bilan ta’minlash yo‘nalishida bir qator vazifalarni dolzarb qilib qo‘ymoqda. Bugungi kunda respublikamizda iste’molchilar elektr ta’minoti tizimini yaxshilash bilan bog‘liq bir qator amaliy ishlar amalga oshirilmoqda.
So‘nggi yillarda respublikamizning sanoat tarmoqlariga “yashil iqtisodiyot” tizimini joriy qilish, ijtimoiy sohada quvvat samaradorligini oshirish va qayta tiklanuvchi quvvat manbalaridan foydalanishni kengaytirish, innovatsion taraqqiyotni jadallashtirish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Bugun o‘tkazilayotgan anjumanda shu yo‘nalishda olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlari oliy ta’lim va ishlab chiqarish sohasi mutaxassislari ishtirokida keng muhokama qilinib, mazkur ilmiy-tadqiqot natijalarini amaliyotga joriy etish imkoniyatlari o‘rganiladi.
Anjumanda energetikaning joriy holati va istiqbollari, energosamaradorlik, energetikada raqamli texnologiyalarning qo‘llanilishi, quvvat va resurs tejash, issiqlik energetikasi, elektr energetikasi va suv-energetika muammolari; atom energetikasi; muqobil va qayta tiklanuvchi quvvat manbalari va energetikaning ekologik muammolari yo‘nalishlarida olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlari muhokama qilinadi.
Anjuman o‘z ishini quyidagi sho‘balarda olib boradi:
1. Elektr ta’minoti tizimining umumiy muammolari: ishonchliligi va quvvat samaradorligini oshirish.
2. Elektr ta’minoti tizimini optimal loyihalashtirish va ekspluatatsiya qilish, elektr quvvati sifatini ta’minlash masalalari.
3. Iqtisodiyot tarmoqlarini transformatsiyalash, intellektuallashtirish va raqamlashtirish.
4. Elektr ta’minoti tizimida noan’anaviy va qayta tiklanuvchi quvvat manbalari.
5. Muhandis kadrlar tayyorlash masalalari.
6. Ekologiya va energetika.





