QDUda «Ajiniyaz – qoraqalpoq adabiyotining faxri» mavzusida xalqaro ilmiy-nazariy konferensiya tashkil etildi

Xabaringiz bor, Hurmatli Prezidentimizning 2024-yil 16-iyulda «Atoqli qoraqalpoq shoiri va mutafakkiri Ajiniyoz Qosiboy o‘g‘li tavalludining 200 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida»gi maxsus qarori qabul qilindi. Mazkur qaror ijrosini ta’minlash maqsadida bugun, 26-oktyabr kuni Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida «Ajiniyaz – qoraqalpoq adabiyotining faxri» (XIX asr qoraqalpoq mumtoz shoiri Ajiniyoz Qosiboy o‘g‘lining tavalludiga 200 yil) mavzusida xalqaro ilmiy-nazariy konferensiya tashkil etildi.

Unda xorijiy davlatlardan, shu bilan birga, respublikamizda faoliyat yuritayotgan oliy ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlaridan professorlar, olimlar, doktorantlar, izlanuvchilar va talaba-yoshlar ishtirok etdi. Konferensiyani universitet rektori Axmed Reymov tabrik so‘zi bilan ochib berdi va olib bordi. U o‘z nutqida Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘li betakror va sermazmun ijodi bilan xalqimiz madaniyati va adabiyotini rivojlantirish, yosh avlodni vatanparvarlik va ezgu g‘oyalar ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

Shundan so‘ng, Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesining qo‘mita raisi Tojibay Romanov so‘zga chiqib, qoraqalpoq mumtoz shoiri Ajiniyoz Qosiboy o‘g‘lining tavalludining 200 yilligi munosabati bilan respublika hukumati nomidan samimiy tabriklab, anjuman ishiga muvaffaqiyatlar tiladi. Konferensiyada so‘zga chiqqanlar hurmatli Prezidentimiz tashabbusi bilan xalqimizning sevimli shoiri Ajiniyoz Qosiboy o‘g‘lining 200 yilligi YUNESKO doirasida xalqaro miqyosda nishonlanadigan yubileylar qatoriga kiritilganini ta’kidladi.

Shu bilan birga, konferensiyada shoir hayoti va ijodi, asarlari nafaqat qoraqalpoq adabiyoti, balki o‘zbek, qozoq, turkman va boshqa turkiy xalqlar hamda jahon adabiyotida tutgan o‘rni, XIX asr qoraqalpoq adabiyoti rivojida Ajiniyoz ijodining ahamiyati, bugungi kunda uning asarlari o‘rganilishi va kelgusi avlodlarga yetkazilishi kabi masalalar haqida ma’lumotlar berildi. 

Konferensiya doirasida Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti jamoasi va bir qator iqtidorli talaba-yoshlar tomonidan tayyorlangan konsert dasturi bilan davom etdi.

QQDU matbuot xizmati

Foydali havolalar