QDU tomonidan o‘quv amaliyoti davomida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan «ochiq muloqot» tashkil etildi

Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti tomonidan talaba-yoshlarning o‘z sohalari bo‘yicha nazariy bilimlarini mustahkamlash va amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirish maqsadida korxona va muassasalarda olib borilayotgan o‘quv amaliyoti davomida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan «ochiq muloqot» tashkil etildi. Mazkur tadbirda universitet professor-o‘qituvchilari, amaliyot rahbarlari, korxona va tashkilotlar vakillari hamda o‘quv amaliyotida ishtirok etayotgan talabalar qatnashdi. Ochiq muloqotda talabalar o‘quv amaliyoti davomida o‘zlashtirgan ko‘nikmalar, duch kelayotgan qiyinchiliklar va ularning yechimlari yuzasidan fikr almashdilar.

Korxona va tashkilot vakillari talabalarning amaliyot davomidagi faoliyatiga yuqori baho berib, kelgusida talabalarni zamonaviy texnologiyalar va innovatsiyalar asosida ish jarayonlariga kengroq jalb qilish zarurligini ta’kidladilar. Shuningdek, talabalar tomonidan o‘quv amaliyoti davomida ishlab chiqilgan bir qator yangi taklif va loyihalar namoyish etildi. Ochiq muloqot davomida talabalar savollariga javob berilib, amaliyot jarayonini yanada samarali tashkil etish bo‘yicha takliflar tinglandi. Bugungi kunda Davlat kadastrlari palatasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasida universitetning talabalar amaliyot o‘tmoqda. U yerda nazariy bilimlarini yanada mustahkamlash maqsadida amaliy darslarni boshqarmada olib borish uchun boshqarmadan tegishli mutaxassislar biriktirib, talabalarning bilimlari oshirilmoqda.

Ma’lumot uchun; Davlat kadastrlari palatasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi va Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti o‘rtasidagi qo‘shma qarorga asosan talabalarning ishlab chiqarishda ishlayotgan mutaxassislarning tajribasidan namuna olish, o‘qishdan tashqari amaliyot o‘tash, mutaxassislar bilan ustoz-shogird an’anasi asosida ishlab chiqarish jarayonlari bilan to‘liq tanishish uchun sharoitlar yaratilgan. Yosh kadrlarni tayyorlash, ularning malakasini oshirish yo‘lida hamkorlik mustahkamlanib, geodeziya, kartografiya va kadastr mutaxassisligi bo‘yicha o‘qiyotgan talabalar boshqarma va uning filiallarida amaliyot o‘tash va ish jarayonlarida ishtirok etishlari uchun imkoniyatlar yaratib berilgan.

QDU matbuot xizmati

 

Foydali havolalar