
Bugun, 26-dekabr kunidan boshlab, Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida ta’lim jarayonini yanada takomillashtirish, ilmiy-tadqiqot va pedagogik faoliyatga yangicha yondashuvlarni joriy etish maqsadida qishki ta’til vaqtlarida barcha fakultet professor-o‘qituvchilari uchun maxsus o‘quv seminari tashkil etildi.
Unda universitet rektori A.Reymov va barcha prorektorlar, bo‘lim boshliqlari, barcha fakultet professor-o‘qituvchilari ishtirok etdi. Dastlab universitet rektori A.Reymov seminar ishtirokchilariga bugungi kunda universitetda ilmiy-tadqiqot, o‘quv-metodik, ma’naviy-ma’rifiy va moddiy-texnik ta’minot bo‘yicha olib borilayotgan ishlar, shuningdek, universitetda amalga oshirilayotgan asosiy ishlar, dolzarb masalalar va istiqboldagi rejalar haqida so‘zlab berdi.
Shundan so‘ng, seminarda professor-o‘qituvchilarga universitetda tarbiyaviy ishlarni yo‘lga qo‘yish va huquqbuzarlikning oldini olish choralari hamda universitet reytingini oshirish, shu bilan birga, xalqaro aloqalarni yaxshilash, oliy o‘quv yurtlarida o‘quv-metodik jarayonda tegishli muammolar va talabalar bilimini baholash jarayonini tashkil etish haqida ma’lumotlar berildi.
Seminarning asosiy maqsadi – ta’lim sifatini oshirish, universitetning xalqaro reytingini yuksaltirish, professor-o‘qituvchilarni ilmiy-tadqiqot faoliyatiga kengroq jalb etish va xalqaro hamkorlikni rivojlantirishdan iborat.
Seminar davomida ishtirokchilar tomonidan ta’lim jarayonini takomillashtirish bo‘yicha takliflar bildirilib, kelgusi yilda amalga oshiriladigan vazifalar belgilab olindi. Bunday o‘quv seminarlari ta’lim sifatini oshirish, professor-o‘qituvchilarning kasbiy malakasini mustahkamlash va xalqaro darajada raqobatbardosh kadrlarni tayyorlash uchun muhim ahamiyatga ega. Ma’lumot uchun: mazkur o‘quv seminarlari 2025-yilning 7-yanvar sanasigacha davom etadi.
QDU matbuot xizmati







