
Bugun, 15-yanvar kuni Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida yangi zamonaviy tipdagi 400 o‘rinli talabalar turar joyini foydalanishga topshirishga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi qo‘mita raisi Murat Atamuratov, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri o‘rinbosari Sarvarxon Buzrukxonov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi o‘rinbosari Bayram O‘temuratov, universitet jamoasi, nuroniylar, professor-o‘qituvchilar, talaba-yoshlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Dastlab, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi qo‘mita raisi Murat Atamuratov so‘zga chiqib, Prezidentimiz rahbarligida yosh avlodning ta’lim olishi, ijtimoiy himoyasi, ularning kelajakda barkamol insonlar bo‘lib voyaga yetishi uchun barcha sharoitlar yaratilayotgani, ayniqsa, ta’lim sohasiga qaratilayotgan e’tibor, jumladan, talabalarni yotoqxona bilan ta’minlash masalasiga alohida e’tibor qaratilayotganini aytib, barchani yangi bino ochilishi bilan samimiy qutladi. Shuningdek, tadbirda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri o‘rinbosari Sarvarxon Buzrukxonov so‘zga chiqib, ushbu yirik loyihaning ahamiyatiga to‘xtalib o‘tdi. U o‘z so‘zida yangi talabalar turar joyi zamonaviy me’morchilik standartlari asosida barpo etilganini, unda talabalar uchun barcha qulayliklar yaratilganini aytib, barchani yangi talabalar turar joyining ochilishi bilan samimiy tabrikladi.
Shundan so‘ng, «ELLIKQALA MAXSUS QURILISH» MCHJ direktori G‘.Satimov tomonidan yangi qad rostlagan talabalar turar joyining kaliti Qoraqalpoq davlat universiteti rektori, akademik A.Reymovga tantanali ravishda topshirildi. Tadbir davomida tashrif buyurgan mehmonlar talabalar turar joyi sharoitlari bilan tanishib, u yerdagi talaba-yoshlar bilan bir dasturxon atrofida suhbatlashdi. Darhaqiqat, bu mamlakatimizda yoshlarga yaratilayotgan qulay sharoitlar, ta’lim tizimini yanada takomillashtirish va talabalar hayotini yaxshilash borasida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning yana bir yorqin namunasidir.
Ma’lumot uchun: mazkur foydalanishga topshirilgan talabalar uyining qurilish ishlari uchun universitet byudjetdan tashqari mablag‘ hisobidan 22 662 825 745,60 so‘m mablag‘ ajratilib, «ELLIKQALA MAXSUS QURILISH» MCHJning tajribali quruvchilari tomonidan qisqa muddatda va sifatli qilib bitkazildi. Shuningdek, zamonaviy talabalar turar joyi 400 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, u yerda talabalar uchun mebel jihozlari, zamonaviy elektr pechlari, muzlatgichlar, kir yuvish mashinalari, mikroto‘lqinli pechlar, suv isitish uskunalari kabi maishiy texnikalar bilan ta’minlangan.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, 2025 yilda talabalar turar joyi bilan ta’minlash maqsadida Qoraqalpoq davlat universitetida davlat-xususiy sheriklik asosida yana 400 o‘ringa mo‘ljallangan bitta talabalar turar joyi binosi foydalanishga topshiriladi. Bu o‘z navbatida talabalarni yotoqxona bilan qamrab olish darajasini 50% gacha oshiradi. Talabalar turar joyida talaba yoshlarimizning darsdan bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishi, dam olishi, qo‘shimcha to‘garaklarga qatnashishi, bilim olishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 tashabbusni talabalarimiz o‘rtasida ommalashtirish maqsadida zamonaviy axborot texnologiyalari, kompyuter xonalari, axborot resurs markazi san’atga qiziquvchi yoshlar uchun barcha qulayliklarga ega to‘garaklar, shu bilan birga ovqatlanish, cho‘milish, internet tarmog‘idan foydalanish, gazeta jurnallarini o‘qish, televizor tomosha qilish uchun barcha sharoitlar yaratilgan.
QDU matbuot xizmati






