
Bugun, 31-yanvar kuni Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida universitet rektori, akademik A.Reymov raisligida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda barcha prorektorlar, bo‘lim boshliqlari, fakultet dekanlari va kafedra mudirlari ishtirok etdi. UUshbu yig‘ilishda ta’lim-tarbiya jarayonlarini yanada takomillashtirish, shuningdek, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Dastlab rektor A.Reymov so‘zga chiqib, talaba-yoshlarning nafaqat bilim olishi, balki komil inson bo‘lib shakllanishi uchun ta’lim va tarbiyani mutanosib olib borish kerakligi, bunda professor-o‘qituvchilar, fakultet dekanlari, kafedralar va mas’ul xodimlar o‘z faoliyatini samarali tashkil etishi muhimligini ta’kidladi.
Shu bilan birga, yig‘ilishda talabalarning kiyinish madaniyatiga ham alohida e’tibor qaratish, universitet ichki tartib-qoidalariga muvofiq kiyinish madaniyatini shakllantirish zarurligini ta’kidlab, bu borada mutasaddilarga aniq ko‘rsatmalar berdi. Shundan so‘ng, talabalarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish, ular uchun ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni ko‘paytirish, sport va fan to‘garaklariga jalb qilish kerakligini aytib o‘tdi. Shuningdek, yig‘ilishda ta’lim jarayonini amaliyot bilan uzviy bog‘lash maqsadida dual ta’limni yo‘lga qo‘yish, shu bilan birga, universitet va ishlab chiqarish korxonalari o‘rtasida xo‘jalik shartnomalarini tuzish, ilmiy tadqiqot natijalarini amaliyotga tatbiq etish, xo‘jalik yurituvchi subyektlar bilan hamkorlikni rivojlantirish, innovatsion loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha aniq tavsiyalar berildi.
Yig‘ilish davomida rektor A.Reymov barcha mutasaddilarga 2025-yilda universitetni rivojlantirish maqsadida ishlab chiqilgan yo‘l xaritasining o‘z vaqtida bajarilishini ta’minlash bo‘yicha topshiriqlar berdi. Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan aniq chora-tadbirlar ishlab chiqilib, ijrosi yuzasidan doimiy nazorat olib borilishini aytib o‘tdi.
QDU matbuot xizmati

