QDUda yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olish bo‘yicha uchrashuv o‘tkazildi

Joriy yilning 14-fevral kuni Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida yoshlar o‘rtasida sodir etilayotgan jinoyatlarning oldini olish va unga qarshi kurashish masalalariga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Jamoat xavfsizligi xizmati, huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, podpolkovnik Xurzada Reymkulova, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Jamoat xavfsizligi xizmati, huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasining Yoshlar va o‘smirlar masalalari bo‘yicha katta inspektori, mayor Gaydar Akimniyazov, O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy boshqarmasi bosh mutaxassisi Nurilla Jamalov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi bo‘limi boshlig‘i Nurlibek Tajimuratov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Operativ Kiber xavfsizlik bo‘limi katta mutaxassisi leytenant Jalg‘asbay Qidirbayev, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi 3-bosqich kursantlari Qurbanbayev Yodgor Maxmud o‘g‘li va Asil Tuliyev hamda universitetning barcha fakultetning yoshlar bilan ishlash bo‘yicha dekan o‘rinbosarlari, pedagog-tarbiyachilar va tyutorlar ishtirok etdi.

Uchrashuvni universitetning o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori O.Duysenbayev olib bordi. Tadbirda so‘zga chiqqanlar yoshlar o‘rtasida uchrayotgan jinoyat turlari, ularning kelib chiqish sabablari va huquqiy oqibatlari haqida batafsil tushunchalar berdi. Xususan, talabalarning huquqiy bilimini oshirish, jinoyatchilikning oldini olish, internet va ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishdagi xavf-xatarlar kabi mavzularga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, uchrashuvda jinoyatchilikning oldini olishda ta’lim muassasalari, ota-onalar va jamoatchilikning o‘rni muhimligi ta’kidlandi. Talabalarga turli noqonuniy harakatlardan tiyilish, o‘z huquq va majburiyatlarini bilish, shuningdek, shubhali holatlar haqida tegishli organlarga xabar berish zarurligi tushuntirildi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillariga o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, jinoyatchilikning oldini olish bo‘yicha muhim ma’lumotlarga ega bo‘ldi. Uchrashuv davomida yoshlarning huquqiy madaniyatini oshirish, ijtimoiy mas’uliyatini kuchaytirish va sog‘lom muhit yaratish bo‘yicha qator takliflar ilgari surildi.

 

Foydali havolalar