
Bugun, 22-fevral kuni Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida rector A.Reymov rahbarligida majlis bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda universitetning barcha prorektorlari, fakultet dekanlari va kafedra mudirlari ishtirok etdi. Dastlab universitet rektori A.Reymov universitetning strategik rivojlanishi, zamonaviy talablarga javob beradigan ta’lim tizimini shakllantirish masalalariga to‘xtalib o‘tdi. Xususan, investitsiyalar jalb etish, ta’lim eksportini kengaytirish, dual ta’lim tizimini joriy etish, ilmiy salohiyatni oshirish va yoshlar ta’lim-tarbiyasini yanada takomillashtirish bo‘yicha dolzarb masalalarni aytib o‘tdi. Ya’ni investitsiya masalasida universitet infratuzilmasini modernizatsiya qilish, zamonaviy laboratoriyalar tashkil etish va xalqaro grantlarni jalb qilish borasidagi rejalarga e’tibor qaratildi. Shuningdek, xorijiy oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlikni kuchaytirish, qo‘shma dasturlarni yo‘lga qo‘yish orqali ta’lim eksportini oshirish istiqbollari haqida ham so‘z yuritildi.
Shu bilan birga, yig‘ilishda dual ta’lim tizimini joriy etish bo‘yicha so‘z yuritar ekan, rektor A.Reymov talabalar amaliy bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishi uchun ishlab chiqarish korxonalari bilan hamkorlikni mustahkamlash zarurligini ta’kidladi. Bu tizim ta’lim jarayonini ishlab chiqarish bilan bog‘lash, bitiruvchilarning mehnat bozorida raqobatbardoshligini oshirish imkonini berishini ta’kidladi. Yig‘ilishda ilmiy salohiyatni oshirish doirasida professor-o‘qituvchilarni ilmiy tadqiqotlarga jalb qilish, yosh olimlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va universitetning ilmiy jurnallar bilan hamkorligini kengaytirish, xalqaro ilmiy konferensiyalarda universitet olimlarining ishtirokini rag‘batlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Yoshlar ta’lim-tarbiyasi bilan bog‘liq masalalarda esa talabalarni milliy qadriyatlarga sodiq, ma’naviy yetuk shaxslar etib tarbiyalashga alohida e’tibor qaratildi. Ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, sport va madaniy tadbirlarga jalb etish, ijtimoiy loyihalarda ishtirokini rag‘batlantirish choralari belgilandi. Yig‘ilish yakunida universitet rektori A.Reymov barcha mas’ullarga belgilangan yo‘nalishlar bo‘yicha aniq topshiriqlar berdi va ta’lim sifatini yanada oshirish borasida samarali ish olib borish zarurligini ta’kidladi. Mazkur yig‘ilish universitet jamoasi oldida turgan ustuvor vazifalarni belgilab olishda muhim ahamiyat kasb etdi.

