«Qonun ustuvorligi va inson huquqlari»ni ta’minlash bugungi kunning dolzarb masalasi

Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti Yuridik fakultetida yoshlarning huquqiy bilimlarini oshirish, ularning jamiyatdagi huquqiy ongini shakllantirish va yangi qonunlarning ahamiyatini tushuntirish maqsadida «Qonun ustuvorligi va inson huquqlari» mavzusida media-tur tashkil etildi. Unda Jismoniy madaniyat fakulteti, Fizika fakultetlarining tyutorlari, talaba-yoshlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Tadbir davomida ishtirokchilar mamlakatimizda huquqiy davlat va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlar, inson huquq va erkinliklarini ta’minlash borasidagi chora-tadbirlar haqida batafsil ma’lumotlarga ega bo‘ldi.

Media-tur davomida ishtirokchilar Yuridika fakultetining zamonaviy jihozlangan kriminalistika laboratoriyasida bo‘lib, tergov jarayonlarida qo‘llaniladigan texnik vositalar, dalillarni to‘plash va ekspertiza jarayonlari haqida batafsil ma’lumotlar oldi. Mutaxassislar tomonidan kriminalistik tadqiqotlar qanday amalga oshirilishi, jinoyat hodisalarini ochishda dalillarni ilmiy tahlil qilishning ahamiyati tushuntirildi. Talabalar barmoq izlarini aniqlash, yozma hujjatlarni ekspertizadan o‘tkazish va boshqa tergov jarayonlarining asosiy jihatlarini amaliy misollar orqali o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Shundan so‘ng, ishtirokchilar fakultetda tashkil etilgan sud zaliga tashrif buyurib, sud jarayonlarining qanday tashkil etilishi va amalga oshirilishi bo‘yicha ma’lumotlar oldi. Sud zalida sud majlisi qanday o‘tkazilishi, sudyalarning qaror qabul qilish jarayoni, prokuror va advokatlarning roli haqida tushuncha berildi.

Tadbir yakunida ishtirokchilar qonun ustuvorligini ta’minlashda har bir fuqaroning huquqiy bilimga ega bo‘lishi muhimligi haqida fikr almashdi. Kelgusida bunday tadbirlarni muntazam tashkil etish va yoshlar o‘rtasida huquqiy bilimlarni keng targ‘ib qilish bo‘yicha tashabbuslar ilgari surildi. Media-tur yoshlarning huquqiy ongini rivojlantirish, qonunlarga hurmat ruhida tarbiyalash va amaliy ko‘nikmalarini oshirish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.

Foydali havolalar